“Qutadg‘u bilig”da turkiy folklor motivlari
DOI 10.52773/tsuull.gold.2020.3/NWGB3719
Keywords:
Qutadg‘u bilig, Yusuf Xos Hojib, folklor, motiv, an’ana, turkiy adabiyotAbstract
“Qutadg‘u bilig” turkiy yozma adabiyotning eng yirik qadimiy
obidalaridandir. Ammo uning ahamiyatini faqat turkiy xalqlar manfaati
yo‘lidagina belgilash bir yoqlamalik bo‘ladi. Bu xildagi asarlar butun
insoniyatga tegishli bo‘ladi. Shuning uchun ham ularning ahamiyati
umumjahon miqyosiga molikdir.
XI asrdagi turkiy adabiyot, jumladan, “Qutadg‘u bilig” ham nihoyatda
murakkab tarixiy, iqtisodiy-siyosiy va madaniy sharoitda yuzaga keldi. Bu
davrda turkiy xalqlarning qadim ishonch-e’tiqodlari ham, qadimgi turkiy
bitiglarga xos bo‘lgan an’analar ham, shuningdek, fors-tojik adabiyotlari
ta’sirida kirib kelgan islom madaniyati ham o‘zaro kesishib ketgan, buning
ustiga folklor an’analarining nufuzi ham kuchli edi. Shu bois asarda bir
necha xil an’analarning goh kuchli, goh sezilar-sezilmas izlari ko‘zga
tashlanadi. “Qutadg‘u bilig”da ko‘p asrlik an’analarga ega bo‘lgan yirik
bir adabiyotning, folklorning eng muhim xislatlari yaxlit holda namoyon
bo‘ladi. Tabiiyki, bunday holning tasodif bo‘lishi mumkin emas. Zero, Yusuf
Xos Hojibdan oldin yashab ijod etgan ko‘plab adiblar, ular yaratgan talay
asarlar yuzaga kelgan bo‘lishi kerak. Xuddi shu nuqtalarning muhimligi
bizni ushbu ishga undadi.