O‘rta Osiyo turk-run yodgorliklarida kelishik kategoriyasi
DOI 10.52773/tsuull.gold.2020.2/HSEG5329
Keywords:
O‘rta Osiyo, Talas, turkiy bitiklar, runik yozuv, Farg‘ona bitiklari, kelishikAbstract
Qadimgi turkiy tildagi kelishik kategoriyasini o‘rganish tilshunoslikda uzoq tarixga ega. Turkiy tillarda gap qurilishida muhim o‘rin
tutadigan ushbu grammatik kategoriya ko‘pchilik grammatikalarda,
umumiy xarakterdagi monografiyalarda chuqur ko‘rib chiqiladi. Shunga
qaramay, ismli turlanishning kelishikli paradigmasini o‘rganishga
bag‘ishlangan tadqiqotlar juda kam. Runik bitiklar korpusining uncha katta
bo‘lmagan va yaxshi o‘rganilmagan qismlaridan biri bo‘lmish O‘rta Osiyo
topildiqlarining tiliga bag‘ishlangan tadqiqotlar esa deyarli yo‘q. Ulardagi
kelishik kategoriyasini olimlardan hech kim maxsus o‘rganmagan, ularning
kelishik tizimi rekonstruktsiya qilinmagan.
Taklif etilayotgan maqola ushbu kamchilikni muayyan darajada
to‘ldirishga xizmat qiladi. Unda O‘rta Osiyo turk-run yodgorliklarida
kelishik shakllari ko‘rib chiqiladi. To‘plangan material asosida mintaqada
islomgacha bo‘lgan davrda tarqalgan turkiy dialektlarning kelishik tizimi
rekonstruktsiya qilinadi.
Olingan natijalarga ko‘ra, VIII asr O‘rta Osiyo turkiy-runik
matnlarda kelishikning olti turi uchraydi. Ularning barchasi qadimgi turk
tilining boshqa yozma korpuslari – O‘rxun va Enasoy matnlarida uchraydi.
Shu bilan birga, O‘rxun va qisman Enasoy matnlarida uchraydigan ayrim
kelishik qo‘shimchalari ko‘rib chiqilayotgan bitiklarda uchramaydi.
Maqolada buning sabablari haqida fikrlar bildiriladi.