Qoraxoniylar davri asarlarida ishlatilgan tilshunoslik atamalari
Keywords:
turkiy tilshunoslik tarixi, qoraxoniylar davri yozma adabiy tili, til, so‘z, nutq, yozuv, yozma til.Abstract
Тil bilimi sohasida ilk o‘rta asrlarning sharq, хususan, turkiy tilshunosligi Yevropa ilmidan ancha ildamlab ketgan edi. O‘sha davr tilshunosligida til bilimi atamalari tizimi tugal bir ko‘rinishda ishlab chiqilgan bo‘lib, qoraxoniylar davri asarlarida ularning ma’lum bo‘lagi tamg‘alanib qolgan.
Hozirgi an’anaviy tilshunoslikda atamaga (=terminga) nisbatan belgilangan o‘lchovlar turkiy tarixiy tilshunoslikka nisbatan to‘g‘ri kelavermaydi. Ular ba’zan ko‘p anglamlik xususiyatiga ham ega. Тurkiy so‘zlarning atamaga aylanish jarayonida buni yaqqol kuzatish mumkin.
Eski turkiy yozma yodgorliklarda ishlatilgan atamalar tizimi ilk o‘rta asrlarda turkiy jamoada, xususan, bilginlar va o‘qimishlilar doirasida tilshunoslik, lisoniy bilim va tasavvurlar yuqori bosqichda ekanidan dalolat qiladi. Muhim jihati shundaki, ushbu atamalarning aksariyati turkiy so‘zlardan iborat. Тil bilimi atamalari tizimining muqim bir tartibga kelishi va takomillashuvida o‘sha davr tilshunos olimlari, tarixchilari va adabiyot ahlining xizmati ulug‘dir.
Ushbu maqolada qoraxoniylar davri asarlarida ishlatilgan tilshunoslik atamalari, ularning matndagi ma’nolari va atamaga aylanish jarayoni ochiqlab berilgan.