Mirzo Umrboqiy hayot yo‘li va adabiy merosi xususida
Keywords:
qo‘lyozma, tazkira, naqshbandiylik tariqati, janr, matniy tadqiq, marsiya, g‘azal, qatag‘on.Abstract
Sho‘ro davrining 70 yillik hukmronlik davri mamlakatimiz tarixida o‘zining ayanchli oqibatlarini qoldirgani to hanuz yaqin tariximiz qa’ridan chiqayotgan manbalar va bu manbalar ortidagi ulug‘ shaxslar, ularning hayoti, adabiy merosi ilmiy-ijodiy asarlarida yanada yorqinroq ko‘rinish bermoqda. Darhaqiqat, yurtimizda XX asr boshlaridan mustaqillik yillarigacha bo‘lgan davrda yashab, yashirin ravishda badiiy, ilmiy ijod bilan shug‘ullangan shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu avlod vakillari adabiy merosini kompleks ravishda o‘rganish sho‘ro davrining mafkura quroliga aylantirilgan, haqiqiy ilmiy va badiiy yo‘nalishdan uzoqlashtirilgan adabiyot va adabiyotshunoslik ilmlaridagi bo‘shliqni nodir asarlar bilan boyitishga xizmat qiladi. Xususan, bu borada Mirzo Umrboqiy adabiy merosi alohida o‘rin egallaydi. Bundan tashqari, Mirzo Umrboqiy tomonidan husnixatda yozib qoldirilgan matnlar qimmatli xattotlik asarlari sifatida ahamiyatlidir.
Ushbu maqolada XX asr boshlarida Shahrisabzda “qilqalam” xattot va mahoratli shoir sifatida tanilgan, ammo Turkistonda sho‘ro hukumati o‘rnatilgach, turli tazyiqlarga duchor bo‘lib, Samarqand shahrida muqim bo‘lib qolgan Mirzo Umrboqiy tarjimayi holiga oid faktlar umumlashtirilgan hamda adib adabiy merosi xususida birinchi marta ma’lumotlar taqdim etilgan, matnshunoslik nuqtayi nazaridan dastlabki tahlillar olib borilgan.